Dastur ishga tushirilgan kuni uning hayoti tugamaydi. Aslida, ko‘p hollarda o‘sha kundan boshlab uning eng muhim davri boshlanadi.
Biznesingiz o‘zgaradi. Xodimlar almashadi. Foydalanuvchilar yangi ehtiyojlar bildiradi. Trafik oshadi. Yangi servislar paydo bo‘ladi. Kecha yetarli bo‘lgan funksiya bugun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Hatto yaxshi ishlab chiqilgan tizim ham vaqt o‘tishi bilan yangi sharoitga moslashtirishni talab qiladi.
Shuning uchun biz mahsulotni topshirib, “endi o‘zingiz hal qilasiz” degan nuqtada ishni tugatmaymiz.
Qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish xizmatimiz tizimni ishlab turgan holatda saqlash, yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish va yangi ehtiyojlar paydo bo‘lganda uni rivojlantirish uchun mo‘ljallangan.
Bu faqat bugun paydo bo‘lgan xatoni tuzatish degani emas. Ba’zan tizim ishlayapti, lekin uning ichida kelajakdagi muammo allaqachon paydo bo‘lgan bo‘ladi. Masalan, ma’lumotlar hajmi oshib boradi, server yuklamasi ko‘payadi yoki dastlab kichik bo‘lgan modul keyinchalik tizimning eng ko‘p ishlatiladigan qismiga aylanadi. Foydalanuvchi buni bugun sezmasligi mumkin, lekin texnik jihatdan bu allaqachon signal.
Bizning vazifamiz faqat muammo paydo bo‘lgandan keyin unga yugurish emas. Muammo hali foydalanuvchiga ko‘rinmasidan oldin uni sezish ham yaxshi texnik xizmatning bir qismidir.
Rivojlantirish tomoni esa boshqa masala. Biznesingiz yangi yo‘nalishga chiqsa, yangi integratsiya kerak bo‘lsa, yangi modul qo‘shilsa yoki mavjud jarayonni o‘zgartirish zarur bo‘lsa, tizimni qayta-qayta noldan qurish shart emas. To‘g‘ri arxitektura asosida ishlab chiqilgan mahsulot yangi imkoniyatlar uchun kengaytirilishi mumkin.
Biz nimalar bilan shug‘ullanamiz?
Ish jarayoniga ta’sir qilayotgan texnik xatolarni aniqlaymiz va bartaraf qilamiz.
Tizimning holati, serverlar, xizmatlar va muhim jarayonlarni kuzatamiz.
Tizim ishlashi sekinlashganda faqat “serverni kuchaytirish” bilan cheklanmaymiz. Muammo kodda, ma’lumotlar bazasida, infratuzilmada yoki arxitekturada bo‘lishi mumkin.
Tizimning texnik holatini saqlab turamiz va zarur xavfsizlik yangilanishlarini amalga oshiramiz.
Yangi funksiyalar, integratsiyalar va biznes talablarini mavjud tizimga qo‘shib boramiz.
Eng muhim qismi
Bizningcha, yaxshi qo‘llab-quvvatlash “tizim ishlamay qoldi — tuzatdik” degan oddiy model bilan tugamasligi kerak.
Yaxshi tizimga xizmat ko‘rsatish — uning bugun ishlashini ta’minlash bilan birga, ertaga qanday ishlashini ham o‘ylashdir.
Shuning uchun biz texnik xizmatni faqat xarajat sifatida emas, mahsulotning uzoq muddatli hayotiyligi uchun zarur bo‘lgan jarayon sifatida ko‘ramiz.