AI'ni biznesga qo‘shish haqida gap ketganda, ko‘pchilikning xayoliga birinchi bo‘lib chatbot keladi. Lekin chatbot — AI imkoniyatlarining faqat eng ko‘rinadigan qismi.
Biz uchun AI'ning qiziq tomoni “savolga javob bera olishi” emas. Unga vazifa berilganda, vazifani tushunib, kerakli ma’lumotni topib, bir nechta qadamni mustaqil bajarib, natijani qaytarishi ancha muhimroq.
Shuning uchun biz AI yechimlarini shunchaki chat oynasi sifatida emas, biznes jarayonining ma’lum bir qismini bajaradigan raqamli yordamchi sifatida ko‘ramiz. Masalan, AI agent mijozning so‘rovini qabul qilishi, kompaniya ichki ma’lumotlaridan kerakli javobni topishi, CRM'dagi ma’lumotni tekshirishi, vaziyatni tahlil qilishi va kerak bo‘lsa keyingi harakatni o‘zi bajarishi mumkin.
Lekin bu yerda AI'ga hamma narsani topshirish eng aqlli qaror emas. AI juda ko‘p narsani qila oladi, lekin qila olishi bilan qilish kerakligi bir xil narsa emas. Moliyaviy qaror, muhim mijoz bilan bog‘liq harakat yoki biznes uchun katta oqibatga ega bo‘lgan operatsiyalarda inson nazorati kerak bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun biz AI'ni mavjud jarayonga shunchaki qo‘shib qo‘ymaymiz. Uning qayerda ishlashi, qaysi ma’lumotlarga kira olishi, nima qilishga ruxsati borligi, qachon inson qaroriga murojaat qilishi va noto‘g‘ri natija berganda tizim qanday javob qaytarishi oldindan belgilanadi.
AI'dan maqsad yana bitta “aqlli funksiya” qo‘shish emas.
Maqsad — xodimning imkoniyatini kengaytiradigan, ma’lumot bilan ishlashni tezlashtiradigan va ilgari juda ko‘p vaqt talab qilgan vazifalarni yangi usulda bajarishga imkon beradigan tizim yaratish.
Biz AI'ni qayerda ishlatamiz?
Xodimlarga ichki ma’lumot, hujjatlar va kompaniya bilim bazasi bilan ishlashda yordam beradigan yordamchilar.
Ma’lum vazifalarni bir nechta bosqichda mustaqil bajaradigan agentlar.
Hujjatlardan ma’lumot ajratish, tahlil qilish va kerakli tizimlarga uzatish.
Oddiy keyword qidiruvdan ko‘ra mazmunni tushunadigan qidiruv tizimlari.
AI'ni mavjud biznes jarayonlariga qo‘shib, qaror yoki tahlil talab qiladigan bosqichlarni avtomatlashtirish.